Ulan-Udeda 7-qavatdan yiqilgan ikki o‘zbek migranti
Rossiyaning Ulan-Ude shahrida ikki o‘zbekistonlik fuqaro qurilayotgan turar-joy binosining 7-qavatidan yiqildi. Fojia 8-may kuni Buryatiya Respublikasidagi qurilish maydonchasida sodir bo‘lgan.
O‘zbekiston Bosh konsulligi ma’lumotlariga ko‘ra, baxtsiz hodisa minora kran operatorining xatosi tufayli yuzaga kelgan. Operator bexosdan «lesa»ni turtib yuborgan.
Baxtsiz hodisa paytida ikkala ishchi ham xavfsizlik kamarlarisiz ishlagan.
Jabrlanuvchilardan biri og‘ir jarohatlar oldi va kasalxonaga yotqizildi. Ikkinchi o‘zbekistonlik fuqaro vafot etdi.
Buryatiya huquqni muhofaza qilish organlari qurilish ishlari paytida xavfsizlik qoidalarini buzish natijasida o‘limga olib kelgan holat bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi.
O‘zbekiston Bosh konsulligi Migratsiya agentligining Novosibirskdagi idorasi bilan birgalikda marhumning jasadini vataniga qaytarish ustida ish olib bormoqda. Xabarlarga ko‘ra, diplomatlar Rossiya huquqni muhofaza qilish organlari bilan doimiy aloqada. Vaziyat alohida nazorat ostida.