𝗔𝘀𝘀𝗮𝗹𝗼𝗺𝘂 𝗮𝗹𝗮𝘆𝗸𝘂𝗺, 𝗮𝘇𝗶𝘇 𝘃𝗮𝘁𝗮𝗻𝗱𝗼𝘀𝗵𝗹𝗮𝗿!
«Migrant.uz — Vatandosh» jamoasi sizlarni va siz orqali oila a’zolaringizni islom olamining eng ulug‘ va qutlug‘ ayyomi — Qurbon hayiti bilan chin qalbdan samimiy muborakbod etadi!
Oilasi, farzandlari va yaqinlarining porloq kelajagi yo‘lida, uyim-joyim, ro‘zg‘orim but bo‘lsin deb musofir yurtlarda, olis o‘lkalarda halol mehnat qilayotgan sizday fidoyi va mard insonlarni Alloh taolo hamisha o‘z panohida asrasin. Vatandan, oila bag‘ridan uzoqda rizq terayotgan har bir kuningizga sabr, kuch-quvvat va ajr bersin. Ro‘zg‘or mashaqqati yo‘lida qilayotgan har bir harakatingizni, chekayotgan zahmatingizni Alloh taolo ulug‘ ibodatlar qatorida qabul aylasin.
Ushbu muborak kunlarda muqaddas zaminlarda — Makkayu Madinada haj amallarini bajarib, Allohning uyini tavof qilayotgan hojilarimizning Arafot maydonida, ulug‘ maskanlarda turib dunyodagi barcha musofirlar, shu jumladan sizning haqqingizga qilgan ezgu duolari va tilaklari ijobat bo‘lsin! Hojilarimiz qatorida sizning ham chin qalbdan qilgan barcha niyatlaringiz va ibodatlaringiz husni qabul bo‘lsin.
Tan-joningiz sog‘, rizqingiz ulug‘, topganingizda hamisha behisob baraka bo‘lsin. Musofirlikdagi ishlaringizga rivoj, yo‘llaringizga va hujjatlaringizga hamisha bexatarlik tilaymiz. Musofir yurtlarda yuzingiz hamisha yorug‘ bo‘lib, sog‘-salomat, katta muvaffaqiyatlar va olam-olam quvonchlar bilan Vatanimizga, intizor bo‘lib kutayotgan yaqinlaringiz bag‘riga qaytib kelishingiz nasib etsin.
«Migrant.uz — Vatandosh» jamoasi hamisha siz bilan birga va sizni qo‘llab-quvvatlashga tayyor!
Muqaddas Qurbon hayiti barchamizga muborak bo‘lsin!